Raʼd surasi
Raʼd surasi (arabcha: سورة الرعد, nomining maʼnosi — Momaqaldiroq[9][10]) — Qurʼonning 13-surasi. Madaniy suralardan biri, 43 oyatdan iborat. Bu sura Qurʼonning 249–255[11]-sahifasida va 13-juzida joylashgan. 96-boʻlib nozil boʻlgan. Asosiy maʼnosiBu sura boshlab, Alloh taoloning borligi va birligiga iymon keltirish masalasini oʻrtaga tashlab, soʻng qayta tirilish va hayoti dunyoda qilib oʻtilgan har bir yomon-yaxshi amal uchun qiyomat kunida jazo-mukofot boʻlishi haqida xabar qiladigan oyatlar bilan davom etadi. Unda haqiqat bilan botil toʻgʻrisida ikki ibratli masal keltiriladi. Birinchisi, jilgʻalarni toʻldirib oqib kelayotgan yomgʻir suvi haqiqatga, suv ustidagi koʻpik esa botilga tashbeh qilinsa, ikkinchisida, har qanday yerosti maʼdanlari ham eritilganida ulardan sof qimmatbaho maʼdan bilan birga ularga aralashib qolgan oddiy toshlar ham chiqishi aytilib, sof maʼdan haqiqatga, chiqindilar esa botilga oʻxshatiladi. Mana shunga oʻxshash ibratli misollarni oʻziga jo qilgan bu surada yana momaqaldiroq haqida zikr qilinib, hatto u ham Alloh taologa tasbeh aytib, u zotni poklab turishi bayon qilinadiki, bu suraning „Raʼd-momaqaldiroq“ deb nomlanishining sababi shudir. Bizning nazarimizda, bu ulugʻ sura toʻlasicha ham bir dahshatli momaqaldiroqqa oʻxshaydi. U momaqaldiroq moʻminlarni yomgʻirga — Allohning rahmatiga umidvor qilsa, kofirlarni chaqmoq urishidan — Allohning azobiga duchor boʻlishdan qoʻrquvga soladi. Manbalar
|