Share to: share facebook share twitter share wa share telegram print page

 

Grammatika

Grammatika (qadimgi yunoncha: γραμματική - grammatike, γράμμα - gramma soʻzidan — harf, yozish) — tilshunoslikning tilning grammatik tuzilishini, yaʼni soʻzlarning shaklga ega boʻlish qonuniyatlarini, shuningdek, soʻz birikmalari va gaplarni tuzish qonuniyatlarini oʻrganadigan boʻlimi. Grammatika 2 qismdan — morfologiya va sintaksisdan iborat. Morfologiyada soʻzning grammatik turkumlari va morfologik kategoriyalar, soʻz shakllari, sintaksisda esa soʻz shakllarining gap tarkibida oʻzaro birikish yoʻllari, gap va uning kategoriyalari, gapning tuzilish turlari bayon qilinadi. Demak, Grammatikada soʻz shakli, grammatik maʼno, grammatik shakl, grammatik kategoriya, gap va uning kategoriyalari haqidagi tushunchalar markaziy oʻrinni egallaydi. Tilda oʻzining doimiy ifodalovchisiga ega boʻlgan, soʻz shakli va gapga xos umumlashgan maʼno grammatik maʼno sanaladi. Maʼlum grammatik maʼnoni ifodalash uchun xizmat qiladigan moddiy vosita grammatik shakl hisoblanadi. Grammatik shakllarni grammatik kategoriyani tashkil etgan unsurlar deyish mumkin. Aslida grammatik shakl deganda, maʼlum grammatik maʼnoning moddiy tomoni tushuniladi. Grammatik shakl grammatik kategoriyani tashkil etgan qismlarning bir tomonini — ya’ni shakliy tomonini ifodalaydi. Shu bois, grammatik kategoriyalar grammatik shakllarning munosabatidan yuzaga kelgan umumiylik, deyilsa mantiqan toʻgʻri boʻlmaydi. Chunki grammatik kategoriya tarkibiga kirgan har bir qism ham, oʻz navbatida, shakl va mazmun munosabatidan tashkil topgan yaxlitlikdir. Shu sababli ayrim mualliflar grammatik kategoriya tarkibiy qismlari uchun grammema atamasidan foydalanmoqdalar.

Grammatik birliklarni grammatik kategoriyalarga birlashtirishda shu kategoriyaga xos umumlashgan maʼno asos boʻlib xizmat qiladi. Kategoriyaga xos bu umumlashgan maʼno mazkur kategoriyaga birlashgan har bir grammemada takrorlanadi. Shu bilan birgalikda kategoriya doirasidagi har bir grammemaning boshqasidan farq qiladigan maʼnosi ham mavjud. Ana shu maʼnolar kategoriya unsurlarining oʻzaro zidlanishida asos boʻlib xizmat qiladi. Shunday qilib, kategoriya maʼnosi bilan kategoriya tarkibidagi grammema maʼnosi oʻrtasida tur-jins munosabati mavjud.

Grammatika maʼlum til qurilishini qanday oʻrganishiga koʻra, amaliy Grammatika va nazariy Grammatikaga boʻlinadi. Amaliy Grammatika muayyan bir tilda gapning toʻgʻri qurilishi uchun zarur boʻlgan grammatik qoidalarni tavsiflaydi. U oʻz navbatida, 2 turga boʻlinadi: tavsifiy hamda meʼyoriy grammatika Tavsifiy Grammatika til grammatik qurilishini tavsiflash, bayon qilish bilan cheklanadi. Meʼyoriy Grammatika esa til faktlarining til meʼyoriga munosabatini, maʼlum bir lisoniy birlik yoki qurilmaning toʻgʻri yoki notoʻgʻri qoʻllanganini oʻrganadi. Amaliy Grammatikadan farqli ravishda, nazariy Grammatika til qurilishini tavsiflash bilan birga, til qurilishidagi birliklarning oʻzaro munosabatini oʻrganadi. Bu orqali har bir lingvistik birlikning til sistemasidagi oʻrni, qiymati belgilanadi. Nazariy Grammatikada til grammatik qurilishining sistemaviy xususiyati ochiladi. Bevosita kuzatishda berilgan hodisalar zamirida yashiringan mohiyat belgilanadi. Shuning uchun ham nazariy Grammatika umumiylik — xususiylik, mohiyat — hodisa, imkoniyat — voqelik dialektikasini oʻzida namoyon etuvchi til va nutq zidlanishiga asoslanadi.

Grammatik birliklar tadqiqotchi yordamida qaysi tomondan oʻrganilishiga koʻra, Grammatika faol, nofaol turlarga boʻlinadi. Shakldan maʼnoga qarab tadqiq qilish usuli — semasiologiya usulidir. Bu usulda maʼlum grammatik shakl qanday maʼno ifodalashi haqida gap boradi. Yuqoridagi usulda grammatik birliklarni oʻrganish nofaol Grammatika sanaladi. Aksincha, mazmundan shaklga tamoyili bilan ish koʻruvchi Grammatika faol Grammatika hisoblanadi. Faol Grammatikada u yoki bu mazmun qanday yoʻllar bilan moddiylashishi mumkinligi aniqlanadi.

Xuddi shu yoʻnalish bilan bogʻliq ravishda Grammatika mazmuniy (mental), shakliy (formal) va vazifaviy (funksional) Grammatikalarga boʻlinadi. Mazmuniy Grammatika mazmundan shaklga tamoyiliga amal qiladi. Obyektiv borliqning ongda aks etishi va ongda aks etgan obyektiv olam unsurlari umumlashgan obrazlarning tilda qanday oʻz ifodasini topishini mazmuniy Grammatika oʻrganadi. Shakliy Grammatika esa semasiologik tamoyil, shakldan mazmunga tamoyili asosida ish koʻradi. Grammatik kategoriyalarni tasnif qilishda shakl ustuvorlik qiladi. Bu yo’nalishda grammatik shakllarni oʻrganish jarayonida nolisoniy (ekstralingvistik) omillarning eʼtiborga olinishi shart emasligi taʼkidlanadi. Funksional Grammatikada asosiy eʼtibor grammatik shakl va grammatik kategoriyalarning vazifasiga qaratiladi. Bunday Grammatikalarda lisoniy birlikning 3 tomoni: mazmun, shakl, vazifa (funksiya) dialektik birlikda olinadi.

Grammatika muammolari dastlab qadimda Hindistonda (tilshunos Paninining Grammatikaga oid traktatida, miloddan avvalgi 5—4-asrlarda), keyinroq Yunonistonda (Aristotel, miloddan avvalgi 4-asr, yunon tilshunosi Apollon Diskol, miloddan avvalgi 2-asr va boshqalarning asarlarida) ishlangan. Yunon grammatik anʼanalari lotin tilini oʻrganish jarayonida rivojlanib borgan.

Oʻzbekistonda Grammatikani oʻrganish tarixi Mahmud Koshgʻariyning "Devonu lugʻotit turk" asariga borib taqaladi. Bu jarayon oʻrta asrlardagi lugʻatshunoslik taraqqiyotida ham oʻz aksini topgan (Toli Imoniy Hiraviyning "Badoye ul-lugʻat" asari, (15-asr), "Abushqa" nomli chigʻatoycha-turkcha lugʻat (16-asr) va boshqalar).

Hozirgi oʻzbek tili Grammatikasi Yevropa Grammatikasi asosida yaratilgan. Bu jarayon 19-asrning 2-yarmidan boshlangan. Dastlab rus turkshunosi M. A. Terentyev "Turk, fors, qirgʻiz (qozoq) va oʻzbek tillarining grammatikasi" (1875) kitobini yozib, SanktPeterburgda nashr ettirgan. Bu kitob mahalliy tilni oʻrganmoqchi boʻlgan rusiyzabon kishilarga moʻljallangan edi. Oʻzbek tilining izchil ilmiy Grammatikasini yaratishni 20-asrning 20-yillarida Fitrat, Gʻozi Yunus, Shorasul Zunnun va boshqalar boshlab berdilar. Keyinchalik bu sohada A.Gʻulomov, Gʻ.Abdurahmonov, A.Hojiyev, Sh.Rahmatullayev, Sh.Shoabdurahmonov, S.Usmonov, B.Oʻrinboyev va boshqa tilshunos olimlar katta ishlarni amalga oshirdilar.

Yana qarang

Adabiyotlar

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Yespersen O., Filosofiya grammatiki, M., 1958; Oʻzbek tili grammatikasi, T., I, II j., 1975, 1981; Sodiqov A. va boshqa, Tilshunoslikka kirish, T., 1981; Hojiyev A., Lingvistik terminlarning izoqli lugʻati T., 1985; Sh oab d u r ahm o n o v Sh., Hojiyev A. va boshqa, Hozirgi oʻzbek adabiy tili, T., 1980; Mahmudov N., Nurmonov A., Oʻzbek tilining nazariy grammatikasi, T., 1995; Nurmonov A., Shahobiddinova Sh.vab., Oʻzbek tilining nazariy grammatikasi, T., 2001.

Abduhamid Nurmonov, Nemat Mahkamov.




Kembali kehalaman sebelumnya


Index: pl ar de en es fr it arz nl ja pt ceb sv uk vi war zh ru af ast az bg zh-min-nan bn be ca cs cy da et el eo eu fa gl ko hi hr id he ka la lv lt hu mk ms min no nn ce uz kk ro simple sk sl sr sh fi ta tt th tg azb tr ur zh-yue hy my ace als am an hyw ban bjn map-bms ba be-tarask bcl bpy bar bs br cv nv eml hif fo fy ga gd gu hak ha hsb io ig ilo ia ie os is jv kn ht ku ckb ky mrj lb lij li lmo mai mg ml zh-classical mr xmf mzn cdo mn nap new ne frr oc mhr or as pa pnb ps pms nds crh qu sa sah sco sq scn si sd szl su sw tl shn te bug vec vo wa wuu yi yo diq bat-smg zu lad kbd ang smn ab roa-rup frp arc gn av ay bh bi bo bxr cbk-zam co za dag ary se pdc dv dsb myv ext fur gv gag inh ki glk gan guw xal haw rw kbp pam csb kw km kv koi kg gom ks gcr lo lbe ltg lez nia ln jbo lg mt mi tw mwl mdf mnw nqo fj nah na nds-nl nrm nov om pi pag pap pfl pcd krc kaa ksh rm rue sm sat sc trv stq nso sn cu so srn kab roa-tara tet tpi to chr tum tk tyv udm ug vep fiu-vro vls wo xh zea ty ak bm ch ny ee ff got iu ik kl mad cr pih ami pwn pnt dz rmy rn sg st tn ss ti din chy ts kcg ve 
Prefix: a b c d e f g h i j k l m n o p q r s t u v w x y z 0 1 2 3 4 5 6 7 8 9